ALLOH SIZGA TO‘ZIM BERSIN, TURK QARDOSHLARIM!


 01 Mart 2023


Turkiyada  yer silkindi.  Dunyo qalqidi,

Qalbim og‘rib, ko‘zlarimdan oqdi yoshlarim.

Hayhot, hamma uyqudaydi, sahar paytiydi,

Alloh Sizga to‘zim bersin, turk qardoshlarim!

 

Go‘yo zumda kunpayakun bo‘lib bu  olam,

Vayronaga aylandi-ku ko‘rkam shaharlar.

Zumda go‘zal Turkiyani quchdi-yu motam,

Sarob bo‘ldi sokin tonglar, go‘zal saharlar.

 

Vayronalar ostidan o‘z jigarin izlab,

Kimlar bunda bo‘zlar misli dalli devona.

Beton to‘sin orasida yotardi muzlab,

Bag‘rida o‘z chaqalog‘in asrolgan ona.

 

Derlar: Ofat qo‘pib, qirq yil kelsa-da qiron,

Har insonning taqdir yo‘li, qismati bo‘lak.

Vayronalar orasidan topilmish  omon,

Ikki oylik, Muhammadjon degan bir go‘dak.

 

Muhammadning ummatimiz barchamiz asli,

Lek, g‘aflatda qolar baʼzan odamzod nasli.

Olloh bizni sinagay goh ofat yuborib,

Qadrin bilsin, deya, bandam tiriklik faslin.

 

O‘tganlarni rahmatiga olsin-u Alloh,

Qolganlarga sabri jamil etsin atolar.

G‘aflat bosmay, bu dunyoda yashaylik ogoh,

Ortda qolsin g‘ofilligu savhu xatolar. 

 

Yashamoqlik kerak asli tanti, mard bo‘lib,

Mehru vafo  kutgay bizdan  Dunyoyi azim.

Musibatga qolgan elga chin hamdard bo‘lib,

Najot qo‘lin cho‘zgan barcha do‘stlarga taʼzim!

 

Turkiyada  yer silkindi. Qalqidi  dunyo,

Bitdi mening-da sabr ila bor bardoshlarim,

Najot tilab  men siz uchun  qilurman duo,

Alloh Sizga to‘zim bersin, turk qardoshlarim!

 

                           Zikrilla NEʼMAT

         O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Bu yazı Kardeş Kalemler dergisinin 195. sayısında yer almaktadır. Derginin bu sayısında yer alan tüm yazılara aşağıdaki bağlantı üzerinden ulaşabilirsiniz.
Kardeş Kalemler 195. Sayı